Joriy yilning 25-may sanasidan boshlab Namanganda mamlakatimizning eng yorqin va rang-barang tadbirlaridan biri – 64-Xalqaro gullar festivali bo'lib o'tmoqda.
Festival an'anaviy avtoparad bilan boshlanadi. Tabiiy gullar bilan bezatilgan 200 dan ortiq turli rusumdagi avtomashinalar viloyat markazining asosiy ko'chalari bo'ylab Namangan xalqaro aeroporti oldidan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog'i oldigacha bo'lgan 10 kilometrdan ziyodroq yo'lni bosib o'tdi.
Har yili nafaqat yurtimiz, balki xorijdan ham minglab sayyohlarni jalb etadigan mazkur festivalga tayyorgarlik doirasida shaharga 100 milliondan ortiq, jumladan, ko'cha-xiyobonlarga 45 million, "Bobur", "Afsona" va "Yangi O'zbekiston" bog'lariga 65 million tup gul ekildi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida festival mehmonlariga xorijiy va mahalliy ishtirokchilar tomonidan maxsus maydonlarda tabiiy gullardan yaratilgan turli kompozitsiyalar, dizayn va dekoratsiyalar namoyish etilmoqda. Har bir gul kompozitsiyasi nafaqat go'zallik va estetik zavq bag'ishlaydi, balki hududning betakrorlik va madaniy yuzini namoyon etuvchi ramziy ma'no kasb etadi.
Festival kunlari 100 dan ortiq madaniy tadbirlar – jahon va milliy estrada yulduzlari ishtirokidagi gala konsertlar, "Fashion Week 2025" modalar haftaligi, xalqaro va mahalliy sport musobaqalari, ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar, kattalar va bolalar uchun spektakllar va sirk tomoshalari, xalqaro hunarmandchilik ko'rgazmalari, kulgiu kechalari, "Dunyo taomlari Namanganda" gastronomik turizm tadbirlari, "Lavanda sayli" va dron-shou o'tkazilyapti.
64-Xalqaro gullar festivali 29-iyungacha davom etadi.
0 Комментарий