Mamlakatimiz diplomatik vakolatxona tomonidan O'zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi bilan birgalikda "Salom, do'stim" deb nomlangan madaniy almashinuv muloqoti o'tkazildi.
O'zbekiston va Janubiy Koreya o'rtasida "O'zaro almashinuv yili"ga bag'ishlangan ushbu tadbirda o'zbek tilini o'rganayotgan koreyslar hamda koreys tilini o'rganayotgan o'zbekistonlik yoshlar, Xanguk xorijiy tillar universiteti professorlari ishtirok edi.
Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad o'zbek tilini o'rganayotgan koreyslar hamda koreys tilini o'rganayotgan o'zbeklar orasida til va madaniyat almashinuvini yo'lga qo'yish, o'zbek tilini o'rganayotganlarni ona tilimizning boy imkoniyatlari bilan yana-da yaqindan tanishtirish, ikki xalq vakillari o'rtasida til amaliyoti, madaniy muloqot va do'stona aloqalarni rivojlantirishdan iborat bo'ldi.
Bu o'ziga xos til ko'prigi nafaqat bilim almashinuvi, balki o'zaro tushunishni ham mustahkamladi.
Tadbirda til nafaqat muloqot vositasi, balki xalqlar tarixi, madaniyati, ma'naviy dunyosining oynasi ekanligi, o'zbek va koreys xalqlarini boy tarix, samarali hamkorlik va mushtarak qadriyatlar o'zaro bog'lab turishi, bunday anjumanlar orqali esa yoshlar bir-birlarini yaxshiroq, chuqurroq anglashi ta'kidlandi.
Unda taqdim etilgan o'zbek va koreys tillaridagi taqdimotlar, O'zbekiston va Janubiy Koreya madaniyatlari, urf-odatlari, til xususiyatlari haqidagi interaktiv chiqishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Ayniqsa, o'zbek tilidagi iboralar, xalq og'zaki ijodi, va koreyscha til o'rganishdagi muhim uslublar bo'yicha ma'ruzalar ishtirokchilar diqqat markazda bo'ldi.
Jamoaviy interaktiv mashg'ulotlarda har ikki tilda olib borilgan o'yinlar, topishmoqlar aytish, sahna ko'rinishlari orqali ishtirokchilar til ko'nikmalarini amaliyotda sinab ko'rishdi.
Faol qatnashuvchilar turli esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi. Tadbir so'ngida ishtirokchilar o'zbek milliy taomi palov va milliy shirinliklardan tatib ko'rish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Ishtirokchilar nafaqat til o'rganishga rag'bat beruvchi, balki madaniy aloqalarimizni mustahkamlovchi ushbu formatdagi uchrashuvlarni muntazam o'tkazishga kelishib oldilar.
0 Комментарий