Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Siz, azizlar bilan asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘lib kelayotgan go‘zal Budapesht shahrida uchrashib turganimizdan behad mamnunman.
Bugungi yig‘ilishimizga yuksak darajada mezbonlik qilayotgan hurmatli Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Janobi Oliylari sha’niga aytilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Tashkilotimizda muvaffaqiyatli raislik qilayotgan hurmatli Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgojoyevich Japarov Janobi Oliylariga yangi yutuqlar tilayman.
Muhtaram hamkasblar!
Bugungi sammitimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida o‘tmoqda. Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barchamiz uchun katta sinov bo‘lmoqda.
Shu sababli dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir.
Ta’kidlash lozimki, biz eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblaymiz.
Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hurmatli Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylarining bu boradagi munosib hissasini alohida e’tirof etmoqchiman.
G‘azoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Toki “Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas.
Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda yechim topishimiz lozim. Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Biz qisqa vaqt mobaynida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida amaliy hamkorlik bo‘yicha samarali natijalarga erishmoqdamiz. Yaqinda iqtisodiy tahlil markazlarimizning Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanida aloqalarimizni kengaytirish uchun ulkan salohiyat borligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Kun tartibidan kelib chiqib, o‘z takliflarimni bildirmoqchiman.
Xabaringiz bor, o‘tgan yili “Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik hamda qardoshlik to‘g‘risida”gi bitimni ishlab chiqish taklifini ilgari surgan edik.
Bugungi kunda ushbu hujjatning ahamiyati va dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Hech shubhasiz, mazkur bitim xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hujjatni Boku sammitida imzolashni taklif qilaman.
Oldimizda aniq vazifa turibdi – yaqin yillarda o‘zaro savdo ulushini keskin ko‘paytirish lozim. Shu maqsadda “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbuslarini ilgari suramiz.
Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yo‘lga qo‘yishga chaqiraman. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyati sarmoyalar oqimining faollashuviga turtki berishi shubhasiz.
Biz innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish uchun qo‘shma venchur kompaniyasini tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz. Bu borada mamlakatlarimizning investitsiya imkoniyatlarini to‘liq aks ettirgan “Yagona investitsiya portali”ni joriy etish maqsadga muvofiqdir.
Yana bir masala. Sanoat kooperatsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish vaqti keldi. Bu borada kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida salmoqli ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.
Yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan Xalqaro iqlim forumida “yashil” taraqqiyot sohasidagi mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.
Hurmatli Viktor Orban Janobi Oliylarining tashabbusi bilan Budapeshtda Tashkilotimizning Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti o‘z ishini boshlaganini ham mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Mazkur institut faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb etish uchun “Qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etaman.
Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan, barchamizning faxr-iftixorimiz bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va mas’uliyatli vazifadir. Shu bois ilm-fanni rivojlantirish va yosh avlod uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish niyatida “Turkiy dunyo xartiyasi”da “Ilmdan o‘zga najot yo‘q” degan yuksak axloqiy g‘oyani muhrlab qo‘ydik.
Ushbu ezgu maqsad yo‘lida Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochilmoqda. Mazkur o‘quv dargohida turkiy davlatlarning yetuk professor va olimlari faoliyat olib borishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa yosh avlodning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, ularning zamonaviy bilimlarni egallashiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
O‘tgan yili O‘zbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga rasman a’zo bo‘lib kirish haqidagi qarorini e’lon qilgan edik. Ushbu tuzilma doirasida umumturkiy madaniy merosimizni asrab-avaylash va uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish oldimizda turgan muhim vazifadir. Bu sohadagi muloqotni kengaytirish maqsadida Jamg‘arma Kengashining navbatdagi yig‘ilishini mamlakatimizda o‘tkazishni taklif qilaman.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY alohida o‘ringa ega. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqish va TURKSOYning nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarur, deb hisoblayman. Shu maqsadda tashqi ishlar va madaniyat vazirlarimizga Boku sammitiga qadar tegishli takliflar ishlab chiqish vazifasini topshirsak, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Muhtaram hamkasblar!
Bundan uch yil oldin turkiy dunyo birligiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etgan edik.
Bugun ushbu nufuzli mukofot bilan atoqli turk olimi, bioximik, Nobel mukofoti sovrindori, janob Aziz Sanjar taqdirlanayotganidan behad mamnunmiz. Bu mashhur olim O‘zbekiston Milliy universitetining faxriy doktori ekanidan biz albatta g‘ururlanamiz.
Aminmanki, bugungi taqdirlash marosimi turkiy dunyo olimlarini, jumladan, ilm-fan yo‘liga dadil qadam qo‘yayotgan yoshlarimizni yangi-yangi marralar sari rag‘batlantiradi.
Aziz do‘stlar!
Bugungi Budapesht sammitida qabul qilingan muhim qaror va hujjatlar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi tinchlik, hamjihatlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash yo‘lida yangi sahifa ochishiga ishonaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
0 Комментарий