O'sh shahrida O'zbekiston va Qirg'iziston bilimdon yoshlari o'rtasida "Zakovat" intellektual o'yini o'tkazildi.
Bilimlar bellashuvida O'zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari, Xalq deputatlari O'sh shahar kengashi raisi Bolotbek Talaybekovich, "Imzo keydji" korxonasi rahbari Suhbatilla Mirayev, "Zakovat" klubi prezidenti Abdurasul Abdullayev boshchiligidagi mamlakatimiz bilimdonlari, Qirg'izistonning "Bilermen ordo" klubi a'zolari hamda vatandosh talabalar va ishtirok etdi.
Ilm-fan sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, o'zbek-qirg'iz xalqlarining tarixiy do'stligi va yaqin qo'shnichilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ikki kunlik intellektual o'yinlarda O'zbekiston va Qirg'iziston bilimdonlaridan tashkil topgan terma jamoalar "Zakovat" hamda "Breyn-ring" o'yinlarida o'zaro bellashdilar.
Intellektual o'yinlar ishtirokchilari mantiqiy fikrlash, jamoaviy ishlash va masalalarni hal qilishda kreativ yondashuv ko'nikmalarini namoyish etdilar.
Yuqori ishtiyoq va qizg'in muhokamalarga boy hamda do'stona ruhda o'tgan o'yinlarda ikki mamlakat bilimdonlari munosib ishtirok etishdi.
Jamoalar o'rtasida teng imkoniyat yaratish maqsadida savollar navbati bilan o'zbek va qirg'iz tillarida o'qib berildi. Musobaqalar yakunlariga ko'ra, O'zbekiston bilimdonlari jamoasi g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Turnir yakunida g'oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Qirg'izistonlik bilimdonlarga "Zakovat" klubi tomonidan tayyorlangan savollar to'plamidan iborat kitoblar jamlanmasi topshirildi.
0 Комментарий