O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston axborot va teleradioeshittirish federal vaziri Ataulla Tarar bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri
Muloqot chog'ida joriy yil fevral oyida Toshkentda bo'lib o'tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari, ular doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, axborot almashish, televideniye, ommaviy kommunikatsiyalar va media sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki mamlakat yoshlari o'rtasida muloqotni kuchaytirish istiqbollari ham kun tartibidan o'rin oldi.
Vazir Ataulla Tarar Toshkentdagi oliy darajadagi tashrif sermahsul bo'lganini qayd etib, bu tadbir strategik hamkorlikni mustahkamlashda yangi bosqich bo'lganini ta'kidladi. U, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik jarayonlari to'g'risida jamoatchilikni xabardor qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillarining o'zaro tashriflarini jadallashtirish, O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi tarixiy va zamonaviy munosabatlar, ikki davlat mutafakkirlari hayoti va ijodiga bag'ishlangan hujjatli filmlarni tasvirga olish, iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi salohiyat, sanoat zonalarida berilayotgan imkoniyatlar to'g'risida videolavhalar tayyorlash va efirga uzatish tomonlar oldida turgan dolzarb vazifalar ekanligi ma'lum qilindi.
Shuningdek, ikki davlat xususiy kinostudiyalari o'rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish, birgalikda filmlar suratga olish, xalqaro kinofestivallarda ishtirok etish, "Milliy filmlar kunlari"ni tashkil etish, milliy telekanallar o'rtasida teledasturlar almashinuvi bo'yicha hamkorlik qilish takliflari ko'rib chiqildi.
Tomonlar yoshlar masalalariga ham alohida e'tibor qaratdilar. "Ikki davlat mas'ul idoralari o'rtasida doimiy muloqotni yo'lga qo'yish, kun tartibidagi masalalar bo'yicha onlayn uchrashuvlar o'tkazish, yoshlar o'rtasidagi hamkorlikni jonlantirish maqsadida o'zaro tashriflarni tashkil etish va qo'shma tadbirlarni muntazam uyushtirish juda muhim", dedi vazir Ataulla Tarar.
0 Комментарий