Samarqandning bir qator mahallalarida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlashga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Urgut, Bulung‘ur, Nurobod va Samarqand tumanlaridagi 21 mahallada shu maqsadga qaratib o‘tkazilayotgan tadbirlar odamlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.
Samarqand tumanining Gulobod va Dehnav mahallalarida "Qo‘shnichilik - ming yilchilik" shiori ostida tashkil etilgan tadbirlarda viloyat hokimligi tashkil nazorat guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev, tuman hokimi Sirojiddin Usmonov va boshqa bir qator idora-tashkilot, madaniy va ijodiy markazlar rahbarlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlash, do‘stlik muhitini yana-da yaxshilash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi haqida to‘xtaldi. Bugungi osoyishtalik va farovonligimiz ko‘p jihatdan xalqimizning birligi, hamjihatligi hosilasi ekanligi, uni asrab-avaylash barchaning burchi ekanligi taʼkidlandi.
Tadbirlarda amaliy sanʼat va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. “Varraklar sayli”, milliy o‘yin va sport chiqishlari o‘tkazildi.
“Adabiy ko‘prik” kompozitsiyasi asosida qo‘shni xalqlarning adabiy merosini aks ettiruvchi kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etilib, yoshlar o‘rtasida millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan rassomlik hamda kitobxonlik tanlovlari o‘tkazildi.
– O‘tgan yili tuman bo‘yicha eng namunali oila bekasi deb, topilgandim, - deydi Shoira Ahadova. - Hozir mahalla nuroniysi sifatida yoshlarga bilimim, hayotiy tajribamni ulashmoqdaman. Bundan tashqari, 5 ta kam taʼminlangan oila bilan ishlayman. Hukumatimiz tomonidan munosib hayot kechirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biz shundan to‘g‘ri foydalanishimiz, bugungi farovonlikning qadriga yetishimiz kerak.
– Tojik va o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati, hayot tarzi bir, - deydi O‘zbekiston va Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, "Durdonai Sharq" jurnali muharriri Asadullo Shukurov. - Buni madaniyat va maʼrifat sohasida ham ko‘rish mumkin. Qadimda va hozir ham aksariyat shoiru yozuvchilarimiz ikki tilda bir xil ijod qilishadi. Ikki millat o‘rtasidagi madaniy aloqalar kun sayin mustahkamlanib bormoqda. Jarayonda shu kabi tadbir va sayillarning ham ahamiyati katta.
Tadbirda teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, turli millat vakillarining folklor-etnografik ansambllari badiiy chiqishlari, milliy maqom, raqs va xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari ijrosi tashkil etildi.
0 Комментарий