"O‘zbekiston” jurnali ijodiy jamoasi ko‘p millatli yurtdoshlarimizni bahor, uyg‘onish, yasharish va yangilanish, nafosat bayrami - Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etadi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonida Navro‘z bayramining el-yurtimiz tomonidan katta shodu xurramlik bilan nishonlanishida o‘zgacha maʼno bor. U boqiy qadriyatlarimizni namoyon etadi. Navro’zda o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlash, bir-birini yo‘qlab, ko‘maklashishdek ezgu g‘oya ulug‘lanadi. Sayllar, xalq o‘yinlari odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Doshqozonlardagi sumalak barchani o‘z atrofiga jamlaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ushbu ulug‘ ayyom ming yillar davomida eʼzozlab kelinadi.
Bugun millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir vatandoshimiz o‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi O‘zbekistonda Navro‘z tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylanib, el-yurtimiz tomonidan katta shodu xurramlik bilan nishonlanayotir.
Dillarda bahor nafasi ila ezgulik urug‘ini undirgan Navro‘z barchamizga qutlug‘ bo‘lsin! Ushbu shukuhli kunlarda Yaratgan yurtimizga tinchlik va omonlik, har birimizga mustahkam sog‘lik, xonadonimizga fayzu baraka ato etsin!
“O‘zbekiston” jurnali jamoasi
0 Комментарий