Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Kuvaytga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari safar davomida Kuvayt Amiri Devonining Tarixiy hujjatlar, muzeylar va kutubxonalar markazi rahbari, "As-Salam qasri muzeyi" bosh direktori Shayxa Muna al-Jobir al-Abdulloh as-Saboh, Kuvayt Islom meroslari uyi bosh direktori o'rinbosari, Kuvayt Madaniyat, san'at va adabiyot milliy kengashining Islom meroslari sektori bosh kotibi o'rinbosari doktor Shayxa Anud Ibrohim as-Saboh, "Tariq Rajab" nomli xususiy muzey rahbari doktor Ziyod Rajab bilan uchrashuvlar o'tkazdi.
Shuningdek, "As-Salom qasri muzeyi", "Kuvayt Islom merosi uyi", "Tariq Rajab muzeyi", "Islom xattotlik muzeyi" faoliyati o'rganildi va ularning ekponatlarni namoshish etish bo'yicha tajribasi o'rganildi.
Muzokaralar chog'ida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va uning ekspozitsiyalari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Tomonlar madaniy merosni asrab-avaylash va o'rganish, qadimiy qo'lyozmalar bo'yicha ishlash, ularni saqlash, ko'rgazmalar tashkil etish yo'nalishlarida hamkorlik aloqalarini o'rnatish masalalarini muhokama qildilar.
Kuvayt vakillari O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi g'oyasini va faoliyatini yuksak baholadi hamda markazning islom olamida muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.
"O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan madaniy-ma'rifiy islohotlar va islom merosini asrab-avaylash borasidagi sa'y-harakatlarni yuqori baholaymiz. Ikki davlat o'rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni kengaytirish bizning umumiy maqsadimizdir. "As-Salom qasri muzeyi" va O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish va tajriba almashishga tayyormiz. Bu kabi tashabbuslar nafaqat O'zbekiston va Kuvayt, balki butun islom dunyosi uchun muhim ahamiyatga ega", dedi "As-Salam qasri muzeyi" bosh direktori Shayxa Muna
"Tariq Rajab" xususiy muzeyi rahbari, doktor Ziyod Rajab davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi unda katta taassurot qoldirganini ta'kidladi. "O'zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. "Toriq Rajab" muzeyi eksponatlarini yurtingizda namoyish etilishi tarixiy voqelik bo'ladi. Muzeyimizda O'zbekiston madaniy merosiga oid qimmatli eksponatlar, shu jumladan, Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub"Tib qonunlari"kitobining XIV asrda ko'chirilgan nusxalari, Buxoro amiri va uning qarindoshlariga tegishli taqinchoqlar, Shayboniylar davriga oid miniatyura asarlari va boshqa ko'plab eksponatlar saqlanadi. Shuningdek, muzeyida Buxorodan keltirilgan zargarlik buyumlari, qadimiy liboslar, qurol-yarog'lar, hunarmandlik ashyolari, matolar, shisha idishlar ham o'rin olgan. Onam, asosan, zargarlik buyumlarini to'plagan bo'lsa, otam sopol va metall buyumlarga mas'ul bo'lgan. Ota-onam aynan O'zbekiston hududi va tarixiga qiziqqani bois muzeyda yurtingiz tarixiga oid artefaktlar ko'plab topiladi".
0 Комментарий