Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida Navro'zi olam bayramiga bag'ishlangan madaniy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bayram tadbiri O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo bo'yicha Kembrij forumi va Britaniyada tahsil olayotgan talabalari bilan birgalikda uyushtirildi.
Unda Britaniya rasmiylari, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-akademik, ishbilarmon doiralari va o'zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.
Elchi Ravshan Usmonov marosimning ochilish qismidagi nutqida, Navro'z bayrami qadimgi qadriyatlarimizni e'zozlash an'analari, xususan, mehr-oqibat, xayru-saxovat, bunyodkorlik, bag'rikenglik, do'stlik va hamjihatlik kabi ezgu g'oyalarni o'zida mujassam etganini ta'kidladi.
Kembrij universiteti talabalari, Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniy uyushmalari va ijodiy jamoalari tomonidan taqdim etilgan milliy folklor qo'shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir davomida barcha ishtirokchi davlatlar o'z milliy stendlarini taqdim etishdi. O'zbekiston milliy stendida mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga oid ma'lumotlar, milliy liboslar, kashtachilik va boshqa xalq amaliy san'ati namunalari namoyish etildi. Bundan tashqari, an'anaviy taomlarimizning maxsus taqdimoti o'tkazildi.
Markaziy Osiyo bo'yicha Kembrij forumi direktori Siddxart Saksena O'zbekiston diplomatik vakolatxonasiga Kembrij universitetida Navro'z bayramini o'tkazishga ko'rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
"Navro'z bayramini Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan bir oila sifatida dunyoning barcha go'shalarida nishonlanishi Yangi O'zbekistonning eng muhim yutuqlaridan biri hisoblanadi. Qo'shni davlatlarning umumiy tarixi, madaniyati va tillarini inobatga olgan holda, Navro'zi olamni nishonlash ko'p jihatdan birlashtiruvchi omil bo'lib, mintaqaning xalqaro maydondagi obro'sini oshirishga xizmat qiladi", dedi Siddxart Saksena.
0 Комментарий