O'zbekiston Prezidentining "Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to'g'risida" gi qarori qabul qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Xivadagi mashhur Sherg'ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida tahsil olgan bu ulug' siymo nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqamizda xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa e'tiborga molikdir. Uning go'zal asarlari turkman, qozoq, qirg'iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o'qilmoqda.
Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarorida Ajiniyoz Qo'siboy o'g'lining betakror adabiy merosini yana-da keng o'rganish va ommalashtirish hamda tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash maqsadida bir qator vazifalar belgilandi.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmalari, YUNESKO ishlari bo'yicha milliy komissiya, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Badiiy akademiya hamda jamoatchilik vakillarining Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash to'g'risidagi takliflari ma'qullandi.
Unga ko'ra, shoirning "Tanlangan asarlar" to'plamini o'zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, uning hayoti va faoliyatiga bag'ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlari o'tkaziladi. Davlat buyurtmasiga binoan Ajiniyoz Qo'siboy o'g'lining hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan sahna asarlari hamda "Ajiniyoz" badiiy-publitsistik filmini yaratiladi. Shuningdek, Nukus shahrida shoir ijodiga bag'ishlangan "Ayt, sen Ajiniyozning qo'shiqlaridan" mavzusida mamlakatimiz yosh ijodkorlarining tanlovini, ijod maktablari o'quvchilari o'rtasida Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li hayoti va ijodiga bag'ishlangan insholar tanlovini o'tkaziladi.
2024-yilning sentyabr oyida Badiiy Akademiyaning markaziy ko'rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo'siboy o'g'lining hayoti va ijodiga bag'ishlangan kitoblar, tasviriy san'at asarlari va xalq amaliy san'ati namunalari ko'rgazmasini o'tkazish, oktyabr oyida esa Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilish, Mo'ynoq tumanida unga yodgorlik o'rnatish, ekopark barpo etish kabi yuksak ahamiyatga ega tadbirlar har bir yurtdoshimizni ruhlantiradi.
Shu bilan birga 2024-yilning noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li tavalludining 200 yilligiga bag'ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira tadbirini o'tkazish rejalashtirilgan.
Yana bir quvonarli jihati, endilikda Ajiniyoz Qo'siboy o'g'lining Mo'ynoq tumanidagi qabri obodonlashtiriladi va unga yodgorlik o'rnatiladi. Mazkur tumanda Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li nomidagi ekopark barpo etiladi.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan Ajiniyoz Qo'siboy o'g'li tavalludining yuksak darajada nishonlanishi, mamlakatimizda ma'naviyatimiz va adabiyotimiz, tariximiz, madaniyatimiz rivojiga salmoqli hissa qo'shgan buyuk bobolarimizga, adabiyotga, ijod ahliga ko'rsatayotgan yuksak darajadagi hurmat, e'tibor va g'amxo'rlikning amaldagi ifodasidir.
0 Comment