Joriy yilning 20-iyul kuni
Szibo shahrida bo‘lib turgan yoshlar delegasiyasi a'zolari O‘zbekistonda
Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazining "Xalq
diplomatiyasi maktabi" loyihasi doirasida ushbu shahardagi 1-umumta'lim
maktabiga tashrif buyurishdi. Uchrashuv do‘stlik va ijodkorlik muhitida
o‘tkazilib, ikki mamlakat talabalariga bir-birlari bilan tanishish va tajriba
almashish imkonini berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar
"Xalq diplomatiyasi maktabi" loyihasi doirasida kelgusidagi hamkorlik
to‘g‘risida kelishib oldilar. O‘zbekiston va Xitoy maktablari o‘rtasidagi
hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat tajribasi va madaniy
an'analari bilan o‘rtoqlashish maqsadida onlayn loyihalar tashkil etish
bo‘yicha rejalar tuzildi. Talabalar ikki mamlakat madaniyati va tili bo‘yicha
bilimlarini chuqurlashtirish, shuningdek, qo‘shma tadbirlar va loyihalar
o‘tkazish istagini bildirdilar.
O‘zbekiston va Xitoy
bolalari uchun tashkil etilgan yog‘ochga rasm chizish bo‘yicha mahorat darslari
uchrashuvning o‘ziga xos hodisasi bo‘ldi. Talabalar juft bo‘lib ishlab,
birgalikda ajoyib ijodiy asarlar yaratdilar. Bu jarayon nafaqat talabalarning
badiiy mahoratini oshirishga, balki ular o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni
mustahkamlashga ham katta yordam berdi.
Szibo shahridagi 1-maktab
direktori Si Yue bunday uchrashuvlarning o‘zaro bir-birini tushunish, do‘stlik
va xalqlar o‘rtasidagi hurmatni rivojlantirish uchun naqadar muhimligini
ta'kidladi. Shuningdek, direktor bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga,
ta'lim va madaniyat sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini
bildirdi.
Uchrashuv natijasida har ikki maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari o‘rtasida samarali aloqalar o‘rnatilib, bu O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. “Xalq diplomatiyasi maktabi” loyihasi turli mamlakatlar talabalarini birlashtirish, madaniy almashinuv va o‘zaro tushunishni targ‘ib qilish maqsadida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati.
0 Comment