Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Bizning eng katta boyligimiz – bu O‘zbekistonni o‘zining muqaddas Vatani deb biladigan ko‘pmillatli ulug‘ xalqimizdir

By Muxtasar_Qodirova - Sept. 8, 2025, 3:35 p.m. 543 Views 0 Comment

Insonga berilgan eng buyuk ne’mat hayot bo‘lsa, insoniyat hamisha intilib kelgan eng ulug‘ maqsad, bu, shubhasiz, tinchlik va totuvlikdir. Bir-birimizga doim tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-omonlik tilashimizning boisi shu.

O‘zbekiston azaldan bag‘rikenglik, hamjihatlik va ahil-inoqlik qo‘rg‘oni bo‘lgan. Yeri, suvi, to‘yi-yu ma’rakasi bitta bo‘lgan turli millat va elat vakillari asrlar osha birdam yashab kelgan. “Bag‘rikeng O‘zbekiston!”, “Bag‘rikeng o‘zbek xalqi” kabi iboralar bejiz paydo bo‘lmagan.

Ko‘p millatli va ko‘p dinli davlatda millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlik barqarorlik va taraqqiyotga mustahkam zamin yaratuvchi, uning istiqbolini belgilab beruvchi muhim omil sanaladi.

Bugun O‘zbekiston juda tez rivojlanib, islohotlar o‘z mevasini berayotgani, el-yurt farovonligi tobora ortayotganining asosiy sabablaridan biri ham bu yurtda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari yagona va ahil oila bo‘lib ahil-inoq yashab qilayotganidadir.

Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillikni noyob ijtimoiy hodisa sifatida baholab, millatlar va elatlar, konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlikni asrash, uni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Yurtboshimizning donishmandlik, insonparvarlik va adolatparvarlik tamoyillari asosida yuritayotgan siyosati natijasida mamlakatimizda umummilliy birdamlik yanada chuqur ildiz otmoqda, barchamiz uchun aziz va mo‘’tabar bo‘lgan Vatanimiz inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 8 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalari a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida shunday deb alohida ta’kidlagan edi:

Bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘pmillatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir”.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda аждодлар ma’naviy merosiga sodiqlik asosida millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdavlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli islohotlar boshlanishi bilan millatlararo va konfessiyalararo munosabatlar yo‘nalishida ham tub o‘zgarishlar boshlandi. Chunki bu yurtda ko‘pmillatlilik shunchaki raqam emas, balki mamlakatning strategik boyligi sifatida ko‘riladi.

Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 mart kuni qabul qilingan “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Ushbu hujjatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etildi.

Millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyatda do‘stlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlash, yagona fuqaroviy o‘zlikni shakllantirish, barcha millat va elatlarning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish, xorijdagi vatandoshlarning milliy o‘zligini saqlashga ko‘maklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etish, millatlararo totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olishga ko‘maklashish Qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shuningdek, umummilliy birdamlikni ta’minlash sohasida davlat siyosati konsepsiyasi va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi loyihalarini ishlab chiqish va kiritish topshirig‘i berilganligi ushbu yo‘nalishdagi ishlar bunday buyon ham izchil davom ettirilishidan dalolat beradi.

Ushbu hujjatlar asosida bugungi kunda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Avvalo umummilliy totuvlikning muhim yo‘nalishi sifatida O‘zbekistonda istiqomat qiladigan turli millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumki, bu yo‘nalishda ishlarni tizimli amalga oshirishda milliy madaniy markazlarning o‘rni juda muhim. Bugungi kunda mamlakatimizda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyati davlatimiz tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Prezidentimizning tashabbuslari asosida 2021 yildan boshlab ushbu markazlar faoliyat ko‘rsatishi, turli tadbirlarini amalga oshirishi uchun davlat subsidiyalari ajratib kelinmoqda.

Oxirgi to‘rt yilda 14 ta respublika darajasidagi milliy madaniy markazga qariyb 5,5 milliard so‘m, 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlarga 6,6 milliard so‘m ajratilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari deyarli barcha milliy madaniy markazlar uchun hududlarda tashkil etilgan “Do‘stlik uylari”dan joy ajratilgan va ular bu joylardan mutlaqo bepul asosda foydalanib kelmoqda.

Xuddi shuningdek, Toshkent shahrining markazida joylashgan Millatlararo munosabatlar qo‘mitasining binosida ham respublika hamda Toshkent shahri darajasidagi 27 ta milliy madaniy markaz emin-erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ayniqsa, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi joylashgan bino atrofida millatlararo do‘stlikning o‘ziga xos ramzi bo‘lgan Milliy madaniy markazlar pavilonining barpo etilishi, u yerda 22 ta millatga xos bo‘lgan milliy uylar barpo etilgani milliy madaniy markazlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining katta sovg‘asi bo‘ldi. Ushbu pavilonni hech ikkilanmasdan millatlararo do‘stlik shaharchasi deyishimiz mumkin.

Xabaringiz bor, 2021 yildan buyon har yili 30 iyul mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlab kelinadi. Ushbu bayram munosabati bilan shu yil 25-31 iyul kunlari mamlakatimiz bo‘ylab “Do‘stlik” festivali o‘tkazildi. Festival doirasida “O‘zbekiston – yagona Vatan!” shiori ostida milliy madaniy markazlar pavilonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy kabi davlatlardan mehmonlar, shuningdek 30 ta davlat va xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari ushbu pavilonning barpo etilishi noyob hodisa bo‘lib, u O‘zbekistonda yashab kelayotgan millatlar va elatlarning o‘z madaniyati va urf-odatlari, an’analarini saqlab qolish, ularni rivojlantirish uchun yana bir ulkan imkoniyat eshiklarini ochishini, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va umummilliy hamjihatlik borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni o‘zida to‘la ifodalashini, o‘zaro madaniy almashinuv maydoni vazifasini bajarishini ta’kidlashdi.

Tadbirda ishtirok etgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fuji O‘zbekistonda turli xalqlar va madaniyatlarga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yuksak qadrlashini, milliy madaniy markazlar paviloni ochilishi haqiqiy insoniy va ilg‘or g‘oya deb hisoblashini aytib o‘tdi.

Halol mehnati, vatanparvarligi bilan Vatanimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida turli mas’ul lavozimlarda chin dildan mehnat qilmoqda, o‘z kuch-g‘ayratini ayamay yurtimizda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Har yili 30 iyul “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan ana shunday yurtdoshlarimizdan bir guruhida “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash ezgu an’anaga aylangan.

Ushbu yilda ham mamlakatimizda umummilliy totuvlik, turli millatlar o‘rtasida do‘stlik, birdamlikni ta’minlashda alohida xizmat ko‘rsatib kelayotgan 50 nafarga yaqin davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar va diniy konfessiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hisoblangan yurtdoshlarimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Albatta, ushbu yurtdoshlarimiz kelgusi faoliyatida ham millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik elchisi bo‘lib, bor imkoniyati bilan yurtimizdagi birdamlik va tinchlik muhitini mustahkamlash yo‘lida yanada fidoyi mehnat qilishiga ishonamiz.

Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodalari tufayli xorijda istiqomat qilayotgan Vatandoshlar bilan yaqindan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday loyihalardan biri “Uz Global Think” forumidir. Ushbu loyiha тадbirкорлик platformalarini yaratish, jamiyat hayotini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologik barqarorlik, sifatli ta’lim kabi masalalarda o‘zaro fikr-mulohaza almashish maqsadida ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari hisoblangan xorijdagi vatandoshlarning doimiy muloqoti ko‘rinishida amalga oshiriladi.

Shuningdek, akademik doiradagi shaxslar, ularning hayot yo‘li, muvaffaqiyatlari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladigan tavsiyalaridan iborat maqolalar joylab boriladigan “Who Is Who” loyihasi tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari BMT Taraqqiyot dasturining “Xorijdagi vatandoshlar orqali bilimlarni transfer qilish” dasturi namunasida xorijdagi vatandoshlarning Yangi O‘zbekiston iqtisodiy qudratiga qo‘shayotgan hissasini yanada oshirish maqsadida innovasion ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan inson kapitali transferi amalga oshirilmoqda.

Xorijiy o‘quv yurtlarini bitirib, o‘sha davlat hududida yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarni birlashtiruvchi, ularni qo‘llab quvvatlovchi “O‘zbekistonlik bitiruvchilar” dasturi ishlab chiqilmoqda.

Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan ushbu vazifalarning barchasi xorijdagi vatandoshlar ishtirokida O‘zbekistonni yanada taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.

Insonning eng muhim erkinliklaridan biri bu shak shubhasiz vijdon erkinligidir. 2021 yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi din erkinligini institutsional jihatdan mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qonun bag‘rikenglik tamoyillarini, barcha konfessiyalar faoliyati uchun barqaror huquqiy asosni yanada mustahkamladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta konfessiyaga mansub 2361 ta diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 2164 tasi islomiy, 197 tasi noislomiy – 180 ta xristian, 8 ta yahudiy, 7 ta bahoiy, shuningdek, buddaviylik ibodatxonasi, krishnaitlar markazi va konfessiyalararo bibliya jamiyatidir. Birgina 2017-2024 yillarda 108 ta yangi diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Yangi masjid, xristian cherkovi va ibodatxonalari qurildi, mavjudlari ta’mirlandi. Bu esa barcha konfessiyalarga hurmat ko‘rsatishning amaldagi tasdig‘idir.

Shu bilan birga, joriy yil 25 fevralda “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan qabul qilinishi jamiyat hayotida katta voqea bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Joriy yil 10-13 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Birinchi “Deklaratsiyalar muloqoti” forumi 2022 yil may oyida besh kun davomida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tgan edi. Forumda bir qator xorijiy davlatlardan yetuk olimlar, shuningdek sohaga oid mahalliy davlat idoralari, diniy tashkilotlar vakillari qatnashgan. o‘sha anjuman yakuni bo‘yicha qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasi keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tan olingan. Bu esa turli millat vakillari, turfa din hamda e’tiqodga mansub insonlardan iborat bag‘ri keng jamiyatni shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston modeli naqadar muhimligi tasdiqlaydi.

“Deklaratsiyalar muloqoti” forumi muntazam o‘tkazilishi, unda xorijdan hamda xalqaro tashkilotlardan nufuzli ishtirokchilar qatnashishi O‘zbekistonning e’tiqod erkinligi va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan siyosati dunyo bo‘ylab yuksak e’tirof etilayotganidan dalolatdir. Bundan tashqari, II Forum O‘zbekistonning dinlararo muloqotni yuqori qadriyat darajasiga ko‘tarish maqsadida ochiqlik tamoyiliga, diniy bag‘rikenglik va tolerantlik muhitini rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, ushbu anjuman xalqlar va turli konfessiyalar vakillari o‘zaro tinch-totuv yashashini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni almashish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘taydi, deb hisoblaymiz.

Maqolani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigidagi quyidagi so‘zlar bilan yakunlamoqchiman:

“Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qat’iy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”.

Qahramon SARIEV,
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi

Tags:

0 Comment

Leave a Comment