Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Tokioda o'tayotgan xalqaro hunarmandchilik ko'rgazmasida "Made in Uzbekistan" milliy stendi tashkil qilindi

By Muxtasar_Qodirova - Sept. 4, 2025, 8:17 p.m. 830 Views 0 Comment

Yaponiya poytaxtida o'tayotgan "Tokyo International Gift Show" xalqaro ko'rgazmasida "Made in Uzbekistan" milliy stendi namoyish etilmoqda.




Yuzinchi bor o'tkazilayotgan ushbu ko'rgazmasidagi yurtimiz stendi Respublika "Hunarmand" uyushmasi tomonidan O'zbekiston elchixonasi va Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi ko'magida tashkil etildi.


Xalqaro tadbirda yurtimizning turli hududlaridan taniqli hunarmandlar ishtirok etib, temirchilik, kashtachilik, miniatyura san'ati, milliy liboslar, zardo'zlik, kulolchilik, shuningdek, jun va ipak mahsulotlarini taqdim qilmoqda.


Shuningdek, ko'rgazmada dunyoning 22 mamlakatidan 822 ta xorijiy kompaniya, shu jumladan, MDH va Markaziy Osiyo mintaqasidan faqat O'zbekiston ishtirok etayapti.   


Tadbir O'zbekiston hunarmandlari uchun xalqaro hamkorlik va eksport aloqalarini kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini o'tamoqda.


Yarmarka doirasida Yaponiyaning "Amina Collection" kompaniyasi tomonidan maxsus hunarmandchilik pavilyoni tashkil qilindi. Unda Rishton kulolchilik maktabi vakillarining mahsulotlari taqdim etilyapti.


"Tokyo International Gift Show" xalqaro ko'rgazmasi 5 sentyabrga qadar davom etadi.


 Yamaguchi Chichi, tadbirkor:

– Men bu yil bahor faslida O'zbekistonga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo'ldim. Xususan, Farg'ona viloyatidagi Marg'ilon shahrida milliy atlas va adras matolari bilan yaqindan tanishdim. Ularning rang-barangligi, yuksak san'at darajasidagi naqshlari va badiiy qimmati meni chuqur hayratga soldi. Shuning uchun ham yapon iste'molchilariga manzur keladigan ayrim turdagi atlas va adras matolarini olib kelib, Yaponiyada savdosini yo'lga qo'ydim.


Ayni paytda o'zbek milliy atlas va adraslaridan yapon kimonolari uchun belbog'lar tayyorlashda keng foydalanilmoqda va bu mahsulotlarga talab kundan-kunga ortib bormoqda.


"Tokyo International Gift Show" ko'rgazmasida O'zbekiston milliy stendi tashkil etilgani haqida eshitib, uni ko'rishga qaror qildim. Bu ko'rgazmada ishtirok etish orqali nafaqat yangidan-yangi hamkorlar topish, balki O'zbekistonning betakror hunarmandchilik mahsulotlarini yanada ko'proq odamlarga tanitish imkoniyati yaratilganidan juda mamnunman.


Asuko Kubo, turoperator:

– Men turoperator sifatida faoliyat yuritaman va bir necha bor O'zbekistonda bo'lganman. Yurtingizning betakror milliy hunarmandchilik an'analari menda katta qiziqish uyg'otgani uchun sayyohlar uchun asosan hunarmandchilik yo'nalishidagi turlarni tashkil qilaman.


Bu turlar davomida sayyohlar nafaqat hunarmandchilik mahsulotlarini xarid qiladilar, balki mahalliy ustalardan bevosita saboq olib, o'z qo'llari bilan turli buyumlar tayyorlash tajribasiga ham ega bo'ladilar.


O'zbek milliy hunarmandchiligi juda xilma-xil, betakror va jozibador. Ularni ko'rgan har bir sayyoh O'zbekiston muxlisiga aylanadi. Men ko'rgazma faoliyatiga ulkan muvaffaqiyat tilayman va ishonamanki, bunday tadbirlar orqali O'zbekiston hunarmandchiligi jahonga yana kengroq taniladi.


Tags:

0 Comment

Leave a Comment