Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

SHHT sammiti: global boshqaruvning yangi tizimi sari dadil qadam

By Muxtasar_Qodirova - Sept. 2, 2025, 6:22 p.m. 634 Views 0 Comment

Jahon siyosiy sahnasida yuz berayotgan murakkabliklar, keskin o‘zgarishlar, geosiyosiy muvozanat qayta shakllanayotgani, iqtisodiy raqobat va xavfsizlik tahdidi ortishi bugungi kunda xalqaro hamjamiyat oldida turgan asosiy masalalardir.

Ayni sharoitda mintaqaviy hamkorlik platformalarining ahamiyati mislsiz darajada ortib boryapti. Xususan, Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi tuzilmalar faqat siyosiy muloqot emas, balki iqtisodiyot, xavfsizlik, texnologiya va madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim o‘rin egallamoqda.

Joriy yil 31 avgust-1 sentyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti ana shunday ulkan global o‘zgarishlar davriga to‘g‘ri keldi.

O‘zA muxbiri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq mamlakatlari rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahliliy markazi direktori, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Oqiliddin Alimovning ayni mavzuga oid fikrlarini yozib oldi.

–Jahondagi geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat tobora murakkablashib borayotgan bir sharoitda mintaqaviy hamkorlik va strategik sheriklik masalalari o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda navbatdagi SHHT sammiti xalqaro siyosiy jarayon nuqtai nazaridan dolzarb strategik voqelik sifatida namoyon bo‘ldi.

Ushbu tadbir nafaqat tashkilot a’zolari va kuzatuvchi davlatlar, balki keng xalqaro hamjamiyat uchun ham dolzarb geosiyosiy va geoiqtisodiy masalalar muhokama etilgan maydon vazifasini bajardi, deyish mumkin.

SHHT+ formatida o‘tgan mazkur anjumanda ilgari surilgan tashabbuslar, xususan XXR Raisi Si Szinpin taklif etgan global boshqaruv modeli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xavfsizlik, iqtisodiyot va innovatsiyaga oid strategik takliflari tuzilma doirasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat.

Si Szinpinning besh banddan iborat global boshqaruv loyihasi so‘nggi yillarda geosiyosiy muvozanatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga javoban ishlab chiqilgan dolzarb yondashuv sifatida baholanmoqda. Mazkur tashabbus xalqaro huquq me’yoriga qat’iy amal qilish, ko‘p tomonlama hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratish, ikki yoqlama standartdan voz kechish, barcha mamlakatlarning teng va inklyuziv ishtirokini ta’minlash kabi tamoyillarni aks ettiradi. Bunday yondashuv jahon miqyosidagi boshqaruv jarayonida adolat, barqarorlik va taraqqiyot tamoyilini tiklashga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari qator tashabbuslarning dolzarbligini alohida ta’kidlash barobarida SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz tuzish fikrini bildirib, Dushanbeda Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi tashkil etilishini ham qo‘llab-quvvatladi.

Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan g‘oya va takliflar nafaqat O‘zbekistonning tashqi siyosat strategiyasi, balki mintaqaviy va global hamkorlik tamoyiliga mos keladi, balki konstruktiv va pragmatik yondashuvga asoslangani bilan ham ajralib turadi. “SHHT+ Xavfsizlik muloqoti”ni kelgusi yil yurtimizda o‘tkazish taklifi tahdidlarga qarshi kurashga umumiy yondashuvni shakllantirishga qaratilgani diqqatga sazovor.

Davlatimiz rahbarining yana bir muhim yo‘nalish – iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan takliflari – “SHHT Invest” forumini tashkil etish, yagona investitsiya platformalarini yaratish va savdo to‘siqlarini kamaytirish kabi g‘oyalari tashkilot doirasida amaliy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Global iqtisodiy uzilish, sanksiya va siyosiy noaniqlik kuchayib borayotgan bugungi dunyoda bunday tashabbuslar nafaqat mintaqaviy iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, balki milliy iqtisodiyotlarning tashqi ta’sirga chidamliligini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi.

Innovatsiya va texnologiya sohasidagi mulohazalar, xususan sun’iy intellekt, biomuhandislik, muqobil energetika kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish maqsadida “SHHT innovatsion-texnologik xablari” tashkil etish taklifi tashkilotni faqat siyosiy-iqtisodiy emas, balki ilmiy-texnologik hamkorlik maydoniga aylantirish sari tashlangan muhim qadamdir. Bu tuzilmaga XXI asr global raqobatida munosib o‘rin egallash imkonini beradi.

O‘zbekiston – Xitoy munosabati sammit doirasida o‘tkazilgan ikki tomonlama muloqot orqali yanada mustahkamlandi. 2025 yil 2 sentyabr kuni Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan rasmiy muzokarada mavjud sheriklikni yanada chuqurlashtirish, amaldagi loyihalarni kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish masalalari muhokama qilindi. Natijada mamlakatimiz tashqi siyosatining pragmatik va faol xususiyati, global jarayonlardagi faol ishtiroki yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ushbu muzokaralar yakunida qator muhim hujjatlar imzolandi. Masalan, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini uyg‘unlashtirish dasturi, tibbiyot, raqamli iqtisodiyot, fazoviy texnologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va inson kapitali bilan bog‘liq kelishuvlar nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va texnologik jihatdan ham o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik ham izchil kengaymoqda. O‘zbekistonda Xitoyning yetakchi universitetlari filiallari ochilmoqda. “Lu Ban ustaxonalari”, Qo‘shma sun’iy intellekt markazi tashkil etilishi, xitoy tilini o‘rganish uchun kvota oshirilishi ta’lim sohasidagi hamkorlikni institutsional darajaga olib chiqmoqda.

Respublikamizning bugungi tashqi siyosati, jumladan SHHT doirasidagi faol ishtiroki xalqaro munosabatlardagi barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyot masalalarida o‘zaro manfaatdorlik va teng huquqli muloqot tamoyiliga asoslangani bilan ajralib turadi.

Qayd etish kerak, sammitda ilgari surilgan tashabbuslar, muzokaralar natijalari va qabul qilingan hujjatlar global jarayondagi pozitsiyamizni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.

Shu nuqtai nazardan Tyanszin shahrida o‘tkazilgan SHHT sammiti nafaqat diplomatik aloqalar rivoji, balki global boshqaruvning yangi me’moriy xaritasi sari tashlangan dadil qadamdir. Ayni jarayonda O‘zbekiston faol va qat’iy pozitsiya namoyish etmoqda.

O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment