Oʻzbekistonda yashaydigan arablarning koʻpchiligi Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiladi. Viloyatda 1991-yili Oʻzbekiston arab milliy madaniy markazi tashkil etilgan boʻlib, u bugungi kunga qadar faol ishlab kelmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida arab milliy madaniy markazi tashabbusi bilan Jeynov shaharchasida qadimgi texnologiyalar asosida mashhur arab gilamlarini toʻqish korxonasi tashkil etildi, arab tilini oʻrgatish kursi ochildi. Shuningdek, oʻzbekistonlik arablarning anʼanalari va urf-odatlari toʻgʻrisida hikoya qiluvchi etnografik muzey faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Markaz faoliyatidagi eng yorqin sahifalar taniqli paxtakor, “Oʻzbekiston qahramoni” unvoni sohibi Murodullo Saidov (1935–2009) nomi bilan bogʻliq. Mirishkor tumanidagi “Jeynov” shirkat xoʻjaligiga rahbarlik qilgan Murodullo Saidov oʻz jamoasini mamlakatimizning eng ilgʻor xoʻjaliklari qatoriga olib chiqqan, shuningdek, Oʻzbekiston arab milliy madaniy markazining birinchi raisi sifatida uning muvaffaqiyatli rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshgan. Ushbu markaz tashabbusi va “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi koʻmagida oʻzbekistonlik arablar tarixi va madaniyati haqida hikoya qiluvchi “Asrlar qoʻynidan”, “Jeynovliklar” va “Oʻzbekiston arablari” deb nomlangan hujjatli filmlar suratga olingan.
Bugungi kunda markazda qadimgi arab qoʻshiqlari va raqslarini ijro etuvchi “Al-arabiya” folklor ansambli faoliyat koʻrsatmoqda. “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” do’stlik va madaniyat festivallarining bir necha bor gʻolibi boʻlgan bu etnografik jamoaning ijrosi ommabop boʻlib, tomoshabinlar tomonidan doimo katta qiziqish bilan qarshi olinadi.
Qarshi davlat universiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Tarix instituti, Qarshi shahar pedagogika kollejidagi etnodidaktik markaz koʻmagida bir necha ilmiy ekspeditsiyalar arablar tarixi va madaniyati boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Taniqli olim Poyon Ravshanovning tadqiqot materiallariga asoslangan “Jeynov arablari” deb nomlangan risola keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan.
Oʻzbekiston arab milliy madaniy markazi Qashqadaryo viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan rus, tatar-boshqird, turkman, tojik milliy madaniy markazlari bilan birgalikda milliy madaniyatlarning oʻzaro boyitilishi va xalqlar doʻstligining mustahkamlashga munosib hissa qoʻshmoqda.
0 Comment