Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O‘zbek do‘ppisi – tarix va o‘zlikdan to‘qilgan toj

By Muxtasar_Qodirova - Aug. 10, 2025, 11:22 p.m. 418 Views 0 Comment

Jazoyirda nashr etiladigan “El-jadidelyawm” nashrida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori, doktor Ahmad Jasim Az-Zubaydiyning shu sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

Qadim sivilizatsiyalar kesishgan, madaniyatlar rang-barangligi tarix gilamidagi naqshdek uyg‘unlashgan Markaziy Osiyo yuragi – O‘zbekistonning o‘ziga xos timsoli – do‘ppi shunchaki bosh kiyimi emas, balki avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan hayot falsafasi, xalq donoligi va an’anasini aks ettiruvchi hunarmandlik mahorati ila bezatilgan madaniy ramzdir.

O‘zbek do‘ppisi tarixi asrlarga taqaladi. Bir zamonlar bosh kiyim birinchi navbatda jazirama quyoshdan yoki qish sovug‘idan himoyachi vazifasini o‘tagan. Vaqt o‘tishi bilan do‘ppi milliy libosning ajralmas qismiga aylandi – aniq ijtimoiy, madaniy mazmun kasb etdi va kundalik turmushning turli bosqichlarida kishilarning yaqin hamrohiga aylandi.

Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent shaharlari do‘ppi ishlab chiqarish markazlariga aylandi. Va har bir mintaqa mahalliy an’anani aks ettiruvchi o‘ziga xos uslub va naqsh ishlab chiqdi.

Buxoro, Farg‘ona, Toshkent: xilma-xillik – madaniy boylik in’ikosi

Mumtoz o‘zbek do‘ppisi, qoida tariqasida, to‘rtburchak va tekis shaklga ega. Hududiy unsurlar esa bir-biridan farq qiladi. Buxoro do‘ppisi, odatda, qora, oq ipak naqshli, Farg‘ona uslubi esa yorqin – qizil, yashil, sariq rang bilan to‘yingan. Qashqadaryo, Surxondaryo kabi tog‘li manzillarda yarim sharsimon shaklga ega bo‘lib, mardlik va  kuch-quvvatni ifodalaydigan zich naqsh bilan bezatiladi.

Naqsh: teran ma’noga ega muqaddas ramz

O‘zbek do‘ppisidagi bir qarashda oddiy bezakdek tuyuladigan kashta, aslida, falsafiy va ma’naviy mazmun bilan sug‘orilgan timsol vositasidir. Har bir nuqta, har bir egri chiziq oddiy shaklga hech qanday aloqasi yo‘q muqaddas ma’no kasb etadi.

16 unsur yoy shaklida tasvirlangan – hayot aylanishi va yangilanishi ramzi. Kichik yoy – chaqaloq beshigi, hayot boshlanishi, katta yoy – tobut, insonning so‘nggi safarini ifodalaydi.

Kichik yoy tepasidagi nuqtalar osmondan enayotgan yorug‘likni anglatadi. Katta yoy ichidagi nuqtalar yorug‘lik so‘nishi – hayotni tark etish ramzi. Shu tariqa aylana yopiladi: koinot kengayadi va qisqaradi, tug‘ilish va qazo yonma-yon yuradi.

Do‘ppining eng yuqori qismida ba’zilar achchiq qalampir, boshqalar bodom, yana kimlardir qush qanoti, deb hisoblaydigan sirli ramz bor. Muqaddas kitoblarda to‘rt daraja bor: tashqi, botiniy, ramziy va ilohiy. Shunisi e’tiborga loyiqki, Chust do‘ppisi Makka tomon yo‘naltirilgan kichik mehrob shaklida buklanishi mumkin. Shu bilan birga fazoviy me’morchilik maxmuni ham bor. Yana bir ramziy ma’no – to‘rt tomon inson hayotining to‘rt bosqichi – bolalik, yoshlik, kamolot va keksalikni anlatadi.

Kichkina bosh kiyim – ma’nolar dunyosi

Do‘ppi o‘zida g‘oya, ramz va an’analar dunyosini yashiradi. Umuman, naqshlar ma’nosi haqida turli qarashlar mavjud. Bunday xilma-xillik nafaqat milliylik belgisi, balki xalqning asrlar davomida ehtiyotkorlik bilan shakllantirilgan chuqur madaniy kodi sifatida namoyon bo‘ladi.


Naqsh hayot, jasorat va muhofazadan so‘zlaydi

Eng keng tarqalgan naqsh – bodom guli hayot, yangilanish va unumdorlikni anglatadi. Qadimda kuch va jasorat ramzi hisoblangan qo‘chqorning jingalak shoxi tasviri nisbatan kam tarqalgan. Ko‘z esa himoya vositasi, sohibini yomon ko‘zdan asraydigan tumordir.

Do‘ppi ustiga solingan geometrik figuralar insonning fazo, yer va osmon bilan bog‘liqligini aks ettirib, tabiatdagi uyg‘unlik, hayotiy muvozanatni saqlash istagini ifodalaydi.

Naqshlarning har bir satri, har bir qati o‘zbek jamiyati qadriyatlaridan puxta to‘qilgan bezak – saxovat, birlik va avlodlar davomiyligi namunasi, deyish mumkin.

Merosdan modagacha

Moda o‘zgarishi, qolaversa o‘zbek jamiyati dunyoga ochilishi munosabati bilan do‘ppining an’anaviy ahamiyati ham ortib boryapti. To‘y-ma’raka, diniy marosim va bayramlar, shuningdek rasmiy tadbirlarda milliy g‘urur ramzi sifatida kiyilyapti.

Bugungi kunda do‘ppini zamonaviy moda ko‘rgazmalarida chuqur madaniy ma’noga ega uslub namunasi sifatida ko‘rish mumkin. Bundan tashqari qo‘lda tayyorlangan asl hunarmandlik mahsuloti sifatida xorijga eksport qilinmoqda.

Ayol qo‘llari, jamoaviy yurak

Do‘ppi asosan ayollar hunarmandligi hosilasi. Qishloq va shaharlarda xotin-qizlar go‘zallik yaratish – mato tanlashdan tortib, oxirgi bezak tikilguncha birgalikda ishlash uchun yig‘iladi. Jarayon kunlar, haftalar davom etishi mumkin.

Ayni amaliyot o‘zbek xalqining jamoaviy ruhini aks ettiradi. Mislsiz mahorat esa ijodiy va madaniy meros tarzida buvilardan nevaralarga ko‘chib o‘taveradi.

Xulosa

O‘zbek do‘ppisi shunchaki milliy kiyim-bosh emas, balki xalqning tarixi, kundalik turmush tarzi, ma’naviy-geografik olamini aks ettiruvchi ramz-xotiradir. Bu ertakni naqsh va ipak tuzilishi tili bilan aytganda, asrlar osha go‘zallikni ko‘ra bilgan, momo meros qadriyatni kelgusi avlodlarga yetkazadigan xalq haqida hikoya qiluvchi badiiy asardir.

Ahmad Jasim Az-Zubaydiy,

O‘zDJTU professori,

O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment