O'zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi hamda Tashqi ishlar vazirligi "Dunyo" axborot agentligi xodimlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasining Xitoyning Shinjon-Uyg'ur avtonom rayoniga safari davom etmoqda.
O'zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi o'rinbosari Bekzod Shukurov boshchiligida delegatsiya Shinjon-Uyg'ur avtonom rayonida bo'lib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, madaniy va turizm imkoniyatlari bilan tanishdi.
Jumladan, Shinjon-Uyg'ur avtonom rayoni mutasaddilari, tadbirkorlar va ijtimoiy soha vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazish, tunu kun faoliyat ko'rsatadigan madaniy-gastronomik ko'chalarni tashkil etish bo'yicha tajriba almashish, yirik savdo-iqtisodiy obyektlar, xususan xalqaro quruqlik porti, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, yurtimizda millatlararo munosabatlarni ta'minlash sohasidagi keng ko'lamli islohotlar to'g'risida maxsus taqdimot o'tkazish, xalq diplomatiyasi vositasida o'zaro hamkorlikni kengaytirish bo'yicha muzokaralar o'tkazish, ishlash va o'qish maqsadida Shinjon-Uyg'ur avtonom rayonida bo'lib turgan hamyurtlarimiz holidan xabar olish va mazkur hududdagi o'zbek diasporasi faollari bilan uchrashuvlar o'tkazish nazarda tutilgan.
Delegatsiya vakillari Urumchi, Turfon va Bole shaharlarining diqqatga sazovor joylar hamda tarixiy obidalari bilan ham tanishadi.
0 Comment