Barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Qayd etish kerak, mustaqillik yillarida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi. Bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar ro‘yobga chiqarildi. Bularning barchasi bugun hayotda o‘zining to‘liq ifodasini topmoqda. Bu bejiz emas.
Binobarin, dunyoda ro‘y berayotgan murakkab geosiyosiy vaziyatlar va globallashuv jarayoni har qanday davlat siyosatida, jamiyatlar taraqqiyotida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik tamoyillarining qay darajada ahamiyatli ekanligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, dunyoning siyosiy xaritasida ham, tabiiy xaritasida ham kishilik jamiyati taraqqiy topganidan buyon juda ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Tarixga nazar solsak, qadimdan yuz bergan turli yurishlar, ko‘chmanchilik, ya’ni turli xalqlarning iqlim sharoitlariga bo‘lgan munosabati va shu kabi boshqa omillar, o‘z navbatida, etnik aralashuvlarga ham sabab bo‘ldi. Buning natijasi o‘laroq, necha asrlardan buyon turli mintaqalarda turli xalqlar yonma-yon yashab kelmoqda.
Yuqorida ta’kidlanganidek, bugungi kunda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stona ichki va tashqi oqilona siyosat yuritishda mustaqil O‘zbekiston butun dunyoda namuna bo‘la oladi. Xususan, ko‘pmillatli O‘zbekistonning har bir fuqarosi millati, e’tiqodi, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar barcha teng huquqli ekanligi Asosiy Qonun — Konstitutsiyamizda belgilab berilgan. Bu esa mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mustahkam huquqiy asosi mavjudligining yaqqol namunasidir.
2021-yildan buyon har yili mamlakatimizda 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni sifatida nishonlanib kelinayotgani ham e’tiborga molik, albatta. Ushbu sana munosabati bilan Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, milliy madaniy markazlar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili “Do‘stlik haftaligi”ni o‘tkazish an’ana tusiga kirgan. Turli millat vakillarining urf-odat va qadriyatlarini namoyon etuvchi festivallar, ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘zida jamlagan “Do‘stlik haftaligi” har yili yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladi.
Haftalik doirasida millatlararo totuvlik, diniy konfessiyalar o‘rtasida bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh vatandoshlarimiz tantanali ravishda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak-nishoni bilan taqdirlanadi.
Albatta, bularning barchasi mamlakatimiz hududida yashovchi turli millat va elatlarning tili, urf-odati va an’analariga hurmat, ularni rivojlantirish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarning yaqqol namunasidir.
Guldana AVEZDURDIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
0 Comment