Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi

By Muxtasar_Qodirova - July 29, 2025, 8:51 p.m. 200 Views 0 Comment


Qadrli vatandoshlar!

Mamlakatimizda yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari bo‘lgan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hech shubhasiz, yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa bo‘lib, bugun – Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha ma’no-mazmun va an’analarga ega bo‘lib borayotgani diqqatga sazovordir.

Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan Vatanimiz aynan shu asosda inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Muhtaram do‘stlar!

Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning muhim omili bo‘lgan millatlararo munosabatlarni rivojlantirishni biz yurtimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab oldik va bu borada ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Avvalo, sohaga doir davlat siyosati tubdan takomillashtirilib, uning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlandi.

Eng muhimi, bu yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilib, ularning imkoniyatlari birlashtirilib, tizimli va keng miqyosda ish olib borilmoqda.

Birgina misol – mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishmoqda.

Biz o‘zining halol mehnati, vatanparvarlik fazilatlari bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida turli mas’ul lavozimlarda chin dildan mehnat qilishmoqda, fidokorona xizmatlari uchun Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lishmoqda. Ularning orasida deputat va senatorlar, taniqli ishlab chiqarish vakillari, tadbirkorlar, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat, adabiyot, san’at va sport namoyandalari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

O‘z taqdiri va kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lagan bunday olijanob yurtdoshlarimiz tarixiy vatanlari bilan mamlakatimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda ham alohida namuna ko‘rsatishmoqda.

Milliy-madaniy markazlarning barchamiz uchun umumxalq bayramlariga, go‘zal qadriyatlarga aylanib ketgan Navro‘z va Mustaqillik tantanalari, boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda doimo faol ishtirok etib kelishayotgani ham tahsinga loyiqdir.

Barchamiz birgalikda nishonlayotgan bugungi bayram – Xalqlar do‘stligi kuni ham xalqimizning tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalari mujassam bo‘lgan boy madaniyati, urf-odat va an’analarini yaqqol namoyish etish uchun yana bir katta imkoniyat ekanini ta’kidlash lozim.

So‘nggi yillarda qat’iy siyosiy irodamiz bilan mintaqamizdagi qardosh davlatlar bilan do‘stona aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarilib, dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bo‘lgani barchamizning umumiy yutug‘imiz, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu haqda gapirganda, shu yil mart oyida O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari o‘zaro tutashgan nuqtada “Do‘stlik” stelasi o‘rnatilgani o‘rtamizdagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda  yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qat’iy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Siz, azizlar Vatanimizning iqtisodiy va ijtimoiy qudratini oshirish, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida bundan buyon ham fidokorona mehnat qilib, butun kuch-g‘ayratingiz, bilim va tajribangiz, iste’dod va mahoratingizni, kasbiy va insoniy salohiyatingizni to‘la namoyon etasizlar, deb ishonaman.

Barchangizni bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor qizg‘in tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘lik, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi olijanob faoliyatingizda yangi zafarlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Barchamiz uchun yagona Vatan bo‘lgan jonajon O‘zbekistonimiz doimo omon bo‘lsin, hamisha gullab-yashnasin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Tags:

0 Comment

Leave a Comment