Toshkent shahridagi “Navro‘z” istirohat bog‘ida “Do‘stlik” festivali doirasida “Ona zamin bag‘ridan...” nomli hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazma – millatlararo do‘stlik va madaniy hamjihatlikni ulug‘laydigan “Do‘stlik” festivalining yirik tadbirlaridan biri sifatida tashkil etildi.
Tadbirni Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O. Narzullayev ochib berdi.
– “Ona zamin bag‘ridan…” – bu nafaqat san’at, balki xalqlar yuragidan joy olgan qadriyatlar, madaniyat va tarixni o‘zida mujassam etgan go‘zal bir timsoldir. Bu kabi tadbirlar orqali biz ko‘pmillatli jamiyatimizning boy madaniy merosini butun dunyoga namoyish etmoqdamiz, — dedi Olimjon Narzullayev.
Ko‘rgazmada yurtimizdagi 40 dan ziyod tajribali usta-hunarmandlari, milliy madaniy markaz vakillari o‘zlarining eng sara ishlarini namoyish etdilar. Choponchilik, zargarlik, gilamdo‘zlik, kandakorlik, qog‘ozga gul tushirish va boshqa milliy hunarlar asosida tayyorlangan buyumlar ko‘rgazma mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, ko‘rgazma-yarmarka doirasida hunarmandlar tomonidan mahorat darslari ham o‘tkazildi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat hunarmandlik san'ati orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, shuningdek, yosh avlodni turli madaniyatlar bilan tanishtirish, bag’rikenglik va o‘zaro anglashuv g’oyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
0 Comment