Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

"Markaziy Osiyo kelajagi"

By Muxtasar_Qodirova - May 30, 2025, 10:14 a.m. 132 Views 0 Comment

London Iqtisodiyot maktabida (LSE) Markaziy Osiyo yoshlar alyansi tomonidan O'zbekistonlik talabalar uyushmasi bilan hamkorlikda "Markaziy Osiyo kelajagi" forumi o'tkazildi.

Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan Markaziy Osiyo davlatlaridan 100 dan ortiq talaba va yosh mutaxassislarni birlashtirgan tadbir mintaqamizda barqaror rivojlanishning dolzarb masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.


Forumda ilmiy va akademik doiralar vakillari, jumladan, sobiq tashqi ishlar vaziri va SHHTning sobiq bosh kotibi Vladimir Norov, Qozog'iston fan va oliy ta'lim vaziri Sayasat Nurbek ishtirok etdi. Ular mintaqa taraqqiyoti oldida turgan asosiy xavf va imkoniyatlar haqida o'z qarashlari bilan o'rtoqlashdilar.


Forum dasturi ikkita panel muhokamasini o'z ichiga olgan. Toshkent shahar hokimi o'rinbosari Durdona Rahimova ishtirokida "Markaziy Osiyo mintaqasi rivojida xotin-qizlarning yetakchilikdagi ahamiyati" mavzusidagi birinchi muhokama onlayn tarzda o'tkazildi.


Ikkinchi sessiya – "Imkoniyatlar iqtisodiyoti: Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish" mavzusida "Ground Zero" tarmog'i asoschisi, O'zbekistondagi TEAM University hammuassisi Hikmat Abduraxmonov ishtirokida bo'lib o'tdi.


Forum doirasida "Kelajak yarmarkasi" tashkil etilib, talabalar Buyuk Britaniyada turli sohalarda faoliyat yuritayotgan Markaziy Osiyodan kelgan mutaxassislar bilan tanishish imkoniga ega bo'ldilar. Mutaxassislar Buyuk Britaniyada bandlik va malaka oshirish bo'yicha o'z bilimlari bilan o'rtoqlashdi.


"Markaziy Osiyo kelajagi" forumi tajriba almashish, kasbiy aloqalarni kengaytirish hamda Markaziy Osiyodan kelgan talabalar va yosh bitiruvchilarni mintaqa rivoji uchun muvaffaqiyatli martaba qurishda qo'llab-quvvatlash maydonchasiga aylandi.


Tags:

0 Comment

Leave a Comment