"O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik jamiyati va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida “Frankofon davlatlar o‘rtasidagi ta’lim va madaniy aloqalar” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Louvre Akademiyasi” talabalari, O‘zbekiston Jahon tillari universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika universitetining fransuz tiliga qiziquvchi talabalari ishtirok etib, fransuz tilidagi chiqishlar va savol-javob jarayonida faol qatnashdi.
Tadbir mehmoni - Belgiyaning Mons universiteti talabasi Vattiez Timote bo‘lib, u hozirda O‘zbekiston Milliy universitetining xorijiy filologiya fakultetida qisqa muddatli o‘quv almashinuvi dasturi doirasida tahsil olmoqda. Taqdimot davomida belgiyalik talaba o‘z mamlakatining boy madaniy merosi, xalq urf-odatlari, kundalik hayot tarzi, ta’lim tizimi va san’at sohalari haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, Belgiya va O‘zbekiston ta’lim tizimlari o‘rtasidagi farqlar va o‘xshashliklarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ushbu madaniy uchrashuvdan mamnun bo‘lganliklarini bildirib, bu kabi tashabbuslar davomli bo‘lishiga umid bildirdi.
0 Comment