Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi ko'magida "O'zcharmsanoati" uyushmasi va mamlakatimiz kompaniyalarining Guanchjou shahrida bo'lib o'tgan "Guangzhou International Footwear, Leather and Industrial Equipment" ko'rgazmasida ishtiroki tashkil etildi.
Tadbirda 20 ta mamlakatdan 1000 ga yaqin ishlab chiqaruvchilar o'z mahsulotlari bilan qatnashdi. Ko'rgazmada charm sanoati, asbob-uskunalar, sohani yanada rivojlantirishda innovatsion yechimlar, mahsulotlar tannarxini kamaytirishga oid ishlanmalar namoyish etildi.
Yarmarka davomida o'tkazilgan taqdimotlarda mahalliy uyushma rahbarlari Guandun provinsiyasi charm mahsulotlarini ishlab chiqarish va sohaning istiqboldagi rivojida xorijiy korxonalar bilan hamkorlikka tayyorligi bildirildi.
"O'zcharmsanoati" uyushmasi raisi Akbar Sultonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan muloqot o'tkazdi. Xususan, "Nansha Economic Cooperation Association" ijrochi raisi Suan Chjuyan bilan muzokara o'tkazdi. Unda joriy yil oktyabr-noyabr oyida Donguan va Foshan shaharlaridagi ishlab chiqarish kompaniyalarini O'zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo'yicha kelishib olindi.
"China Footwear Association" uyushmasi prezidenti o'rinbosari, "Guangdong Xinhaopan Group" kompaniyasi raisi Suilun Liu bilan kechgan muloqotda uyushma a'zolaridan iborat delegatsiyalarning O'zbekistonga tashrifini ishlab chiqish va Andijon viloyatidagi "Ipak yo'li" erkin iqtisodiy zonasida qo'shma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida "O'zcharmsanoati" uyushmasi va "Guangdong Xinhaopan Group" kompaniyasi o'rtasida o'zaro hamkorlikni kengaytirish to'g'risida bitim imzolandi.
Shuningdek, ko'rgazmada davomida O'zbekiston va Guandun kompaniyalari o'rtasida charm mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha bir qator eksport shartnomalari imzolandi.
0 Comment