O‘tmishni yodga olishni istagan odam muzeyga boradi. Chunki, muzeylarda kim bo‘lganimizni, ajdodlarimiz qanday yashaganini bizga eslatadigan ma’naviy-ma’rifiy xazinalar bor. Bu xazinalarning yillar o‘tgani sayin qiymati oshib boraveradi.
Xo‘sh, bugun O‘zbekistonda nechta muzey faoliyat olib boryapti. Ularning qanchasi davlat, qanchasi uy muzeylari? Odamlarni muzeylarga ko‘proq jalb etish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Shu kabi savollarimizga O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Mo‘’tabar O‘rolova javob berdi:
— Bugungi kunda yurtimizda 140 ga yaqin muzey faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yirik ilmiy tekshirish va madaniy-ma’rifiy muassasasi sifatida 1876 yilda tashkil topgan. Uning zaxira fondlarida 300 mingdan ortiq osori atiqalar saqlanib kelinmoqda.
2023 yil 1 yanvardan boshlab muzeylar sohasida elektron shakldagi xizmatlarni tashkil etish, Turkiya, Xitoy, Fransiya, AQSH kabi davlatlarning ilg‘or tajribalarini O‘zbekistonda tatbiq etish bo‘yicha takliflarni, o‘ziga xos brend va savdo belgilarini, noyob muzey ashyolari nusxalarini ishlab chiqish, savdo maydonlari tashkil etish uchun joy ajratish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlarini jadallashtirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Muzeylarda bugungi kunda yangi bilim va tajribaga ega kadrlarga ehtiyoj ortmoqda. Muzeylar tarkibiga ixtisoslashtirilgan mutaxassislardan tarixchi, san’atshunos, biolog, ximik, iqtisod kabi soha vakillari bilan birga, menejment va marketing bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni jalb etish muhim.
Aynan 18 may kuni yurtimizdagi barcha muzeylarning tomoshabinlarga bepul xizmat ko‘rsatishi, maxsus ko‘rgazmalar va teatrlashtirilgan tomoshalarning yuksak saviyada tashkil etilishi bayram shukuhini oshiribgina qolmay, yoshu keksa tomoshabinlarga bir olam zavq hadya etishi bilan ham e’tirofga molikdir.
O‘zA
0 Comment