“Bilimlar bog‘i” atalmish mazkur tashabbusning me’moriy yechimi mavzu mazmun-mohiyatini to‘liq aks ettirib, yurtimiz o‘tmishi va kelajagi, ko‘p asrlik merosi va madaniyati uyg‘unligini namoyish etadi.
750 kvadrat metr maydonni egallagan uch qavatli ayvonning dizayni barqaror rivojlanish tamoyiliga mos, tabiiy ashyolar va modulli qurilmadan foydalangan holda shakllantirilgan. Uchburchak shakli Markaziy Osiyo xalqlariga xos an’anaviy tumordan ilhom olib tanlangan. Qurilishda tabiiy, qayta ishlanishi mumkin bo‘lgan yog‘och, loy va g‘isht qo‘llangan.
Binoning tashqi tomoni o‘zbek kashtasi, bezagi va O‘zbekiston ramzini aks ettiradigan an’anaviy naqsh bilan bezatilgan.
Pavilon tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish uchun uch ustuvor maqsadi - sifatli ta’lim, hamyonbop va toza energiya hamda sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilmaga muvofiq amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni namoyish qiladi.
Ko‘rgazma loyihasi taqdimotidan tashqari dasturdan qator madaniy tadbirlar ham o‘rin olgan.
“Expo Osaka 2025” ko‘rgazmasi yaponchadan tarjima qilinganda “Orzu oroli” ma’nosini anglatadigan Yumeshima sun’iy orolida o‘tadi.
O‘zbek milliy paviloni ko‘rgazmaning g‘arbiy qismida, asosiy ishtirokchi mamlakatlar pavilonlari markaziy aylanasida joylashgan. Uch qavatdan iborat ayvon - harakatlanuvchi platforma tashrif buyuruvchilarni hayajonli sayohatga olib chiqadi.
“Expo Osaka 2025” kunchiqar yurtning Aiti shahrida bo‘lib o‘tgan “Expo 2005” anjumanidan keyin 20 yil ichida Yaponiyada o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro ko‘rgazma hisoblanadi.
0 Comment