Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

BMT bosh qarorgohida Navro‘z nishonlandi

By Muxtasar_Qodirova - March 23, 2025, 9:38 p.m. 606 Views 0 Comment

Tashqi diplomatiya

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi Afg‘oniston, Ozarbayjon, Hindiston, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya missiyalari bilan birgalikda tashkilotning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Navro‘z bayramini o‘tkazdi.

Tantanada BMT va Bosh assambleya kotibiyati, Nyu-Yorkdagi diplomatik korpus rahbarlari va vakillari, akademik doiralar hamda jamoatchilik ishtirok etdi.

Bosh kotib Antoniu Guterrishning go‘zallik va uyg‘onish ayyomini nishonlayotgan mamlakatlarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Qutlovda jahonda kuzatilayotgan qarama-qarshilik va kelishmovchiliklar sharoitida tinch-totuv yashashni, tabiat bilan hamjihatlikni targ‘ib qiluvchi Navro‘z ruhi har qachongidan ham muhimroq ekaniga urg‘u berilgan.

O‘zbekistonning doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov Navro‘z xalqimizni birlashtiradigan, boy madaniy rang-baranglikni namoyon etadigan, muloqot va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladigan qadimiy bayram ekanini ta’kidladi. Ishtirokchilar e’tibori yurtimizda qadimiy va buyuk tariximizni asrab-avaylash, boy madaniyatimiz, ajdodlarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga qaratildi.

Tadbir yakunida dasturxon yozilib, mehmonlarga milliy taomlarimiz ulashildi.

 

YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Navro‘zi olam munosabati bilan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston doimiy vakolatxonalari hamkorligida bayram tadbiri tashkil qilindi.

YUNESKO 2009 yil Navro‘zni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritgan. Shundan buyon har yili bu ayyom a’zo davlatlar delegatsiyalari tomonidan keng nishonlanadi.

Tadbirda bosh direktor Odri Azule, buning o‘rinbosari Sin Syuy, shuningdek tuzilmadagi doimiy vakolatxonalar rahbarlari va vakillari, tashkilot kotibiyati xodimlari ishtirok etdi.

Kechada mamlakatimizning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosi, gastronomik salohiyati namoyish etildi, o‘zbek pazandalik festivali tashkil etildi. Diyorimizda Navro‘z bayrami nishonlanishiga doir videorolik namoyish etildi.

                                                 Rossiya Federatsiyasi

Navro‘zi olam munosabati bilan Rossiyadagi elchixonamizda uyushtirilgan o‘zbek diaspora tashkilotlari rahbarlari ishtirokidagi тадbirда ushbu bayram an’anaviy qadriyatlarimiz – mehr-oqibat, saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlikni o‘zida mujassam etgani ta’kidlandi.

RF hududlaridagi diasporalarimizning Rossiyada o‘zbek xalqi boy madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish, respublikamiz sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakati yuqori baholandi.

Uchrashuv yakunida eng faol diaspora tashkilotlari rahbarlari va oddiy vatandoshlarimiz mehnatlari e’tirof etilib, taqdirlandi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment