Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Tokio shahrida O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir Yaponiyaning "World Air-Sea Service Co., Ltd." sayyohlik kompaniyasi hamda O'zbekiston madaniyati va turizmi assotsiatsiyasi bilan birgalikda tashkil etildi.
O'zbekiston diplomatlari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi tarixiy shaharlarmiz salohiyati, yapon sayyohlari uchun qiziqish uyg'otishi mumkin bo'lgan o'zbek urf-odatlari, taomlari va yangi tur yo'nalishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Yaponiya bilan turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollariga e'tibor qaratildi. Mamlakatimizga borayotgan yapon sayyohlari soni tobora ortib borayotgani, jumladan, 2024 yilda bu ko'rsatkich 20 ming nafardan oshgani qayd etildi.
Tadbir davomida, shuningdek, "World Air-Sea Service Co., Ltd." kompaniyasi tomonidan O'zbekiston bo'ylab sayohat qilish maqsadida ishlab chiqilgan yangi turpaketlar taqdimoti o'tkazildi. Ushbu turizm yo'nalishi O'zbekistonning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlariga sayohat qilish, Buxoro shahrida "so'zana" va "laylak-qaychi" tayyorlash bo'yicha master-klass kabi tadbirlarda ishtirok etishni o'z ichiga oladi.
Ushbu sayyohlik dasturining yana bir muhim jihati – bu 2023-yilning sentyabr oyida YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan "Buyuk ipak yo'lining Zarafshon-Qoraqum yo'lagi" obidalariga bo'ladigan sayohatdir.
Taqdimot davomida Yaponiyaning "Guliston" o'zbek milliy raqs ansambli va taniqli yapon xonandasi Mashu Komazaki ijrosidagi o'zbek milliy raqslari hamda kuy-qo'shiqlari barchaga birdek manzur bo'ldi.
0 Comment