Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Turkiy xalqlar adabiyotidagi o‘rni

By Muxtasar_Qodirova - Feb. 14, 2025, 11:58 p.m. 705 Views 0 Comment

Mamlakatimizda jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi keng nishonlanmoqda.

Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) qoldirgan bebaho ilmiy-ijodiy meros nainki milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining turkiy xalqlar adabiyotidagi o‘rni” mavzusidagi davra suhbati bolib otdi.




Mazkur tadbirda Qo‘mita rahbariyati, mutasaddi xodimlari, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari, Yozuvchilar uyushmasi, milliy madaniy markazlar raislari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev Zahiriddin Muhammad Boburning betakror she’riyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal ma’lumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari yosh avlodni ona-yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekani xususida so‘zladi. Shu sababli ham Bobur asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni targ‘ib va tashviq qilish muhimdir.




Davra suhbatining asosiy qismida Boburning hayoti va ijodiga oid yangi ma’lumotlar, adolatli shoh, buyuk shoirning asarlaridagi turli xalqlar tarixi, madaniyati va etnografiyasiga oid ma’ruzalari tinglandi.

Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon Bobur o‘zining ilmiy-ijodiy merosi bilan jahon she’riyatiga qo‘shgan hissasi xususida gapirdi.




Qo‘mita Markazi rahbari Saodat Davlatovaning ma’ruzasi Boburning turkiy xalqlar ilm-fani va adabiyotidagi tutgan o‘rni va bu sohalarda qilingan ishlar nechog‘lik muhim ekanligiga bag‘ishlandi. Olima Bobur asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunidagi o‘rni hamda yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyati haqida atroflicha to‘xtaldi.




Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Gulbahor Ashurovaning ma’ruzasi Bobur ilmiy merosining jahonshumul ahamiyatiga bag‘ishlandi.



Respublika Qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov, Respublika Rus milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari Tatyana Alimxo‘jayeva Bobur ilmiy adabiy merosining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, uning ijodida do‘stlik, adolat, insonparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarning tarannum etilgani, tarbiyaviy ahamiyati, bobokalonimiz asarlarining turkiy xalqlar madaniyatiga va butun Sharq adabiyotiga ta’siri haqida gapirdi.



Tadbirning munozara qismida ishtirokchilar tomonidan amaliy taklif va mulohazalar bildirildi. Anjuman so‘ngida turkman, boshqird, belarus, tojik milliy madaniy markazlari faol yoshlari tomonidan shoir ijodidan namunalar o‘qildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Bobur ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi.


 

 

Tags:

0 Comment

Leave a Comment