Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O‘zbekiston – Malayziya: masofa bilmas do‘stlik

By Muxtasar_Qodirova - Jan. 25, 2025, 10:34 p.m. 658 Views 0 Comment

Har bir mamlakatning taraqqiyotida, dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishida uning tashqi aloqalari muhim sanaladi. Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida nufuzi ortib borishida ham xorijiy davlatlar bilan aloqalarning tobora mustahkamlanayotgani alohida e’tiborga molik.

Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi  do‘stona munosabatlar ham uzoq tarixga ega. Xususan, bu hududda islom ma’rifatining tarqalishida O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk allomalar va ularning ma’naviy merosi katta o‘rin tutadi.

Go‘zal yurt, mehmondo‘st odamlar...

Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar, imzolangan hujjjatlar natijasida tarixiy aloqalar yanada rivojlanmoqda. Jumladan, ilmiy-ma’rifiy sohalarda ham ikki tomonlama hamkorlik tobora kengaymoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Malayziyadagi bir qator muzeylar, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy maskanlar, olim va mutaxassislar bilan hamkorlik qilib keladi. O‘tgan yili O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida Malayziya Islom san’ati muzeyida mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil qilingani, avgust oyida Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro kongressda malayziyalik bir qator olimlar ishtirok etgani ham fikrimizning dalilidir.

Malayziyaliklar O‘zbekistonga har doim katta ehtirom bilan yondashadilar. Malayziya aholisi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan tarkib topganiga qaramay, mamlakat hayotiga, islomiy qadriyatlar chuqur singib ketgan. Bu mamlakatning turli shahar va qishloqlarida o‘ziga xos me’moriy yechimga ega masjidlar, tarixiy yodgorliklarni ko‘plab uchratish mumkin.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Malayziyaga bu galgi safari ham sermahsul bo‘ldi. Safar davomida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalari, muzeylar va kutubxonalarda yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari targ‘ibotiga bag‘ishlangan taqdimotlar, ilmiy-amaliy uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazildi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment