Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Qozog'istondan munosabat: O'zbekistonning "yashil" iqtisodiyotga o'tishi ichki ustuvorliklar doirasidan chetga chiqadi

By Farangiz_Amirkulova - Jan. 17, 2025, 9:58 a.m. 943 Views 0 Comment

Qozog'istonning "Maqsut Narikbayev University" professori Iqboljon Qoraboyev  "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi yakunlari hamda Abu-Dabi va Dubaydagi tadbirlardagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Tashrif O'zbekistonning tez o'zgaruvchan geosiyosiy va geoiqtisodiy sharoitda strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan intilishini tasdiqlaydi. Mazkur tashrif mamlakatning mintaqaviy o'zaro bog'liqlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va asosiy global hamda mintaqaviy sheriklar bilan hamkorlik orqali barqaror iqtisodiy o'sishga ko'maklashishga tayyor ekanligini namoyish etadi.


O'zbekiston va BAA o'rtasida energetika, infratuzilma, moliya va madaniyat sohalarini qamrab olgan jadal hamda ko'p qirrali hamkorlik yo'lga qo'yildi. So'nggi yillarda bu sheriklik BAAning O'zbekistondagi qayta tiklanadigan energetika loyihalariga kiritgan sezilarli sarmoyalari bilan mustahkamlangan strategik hamkorlikka aylandi. Mazkur investitsiyalar O'zbekistonning 2030-yilga borib 27 GVt qayta tiklanadigan energiya quvvatiga erishish va qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasini ishlab chiqarishni 40 foizga yetkazishdek ulkan maqsadlariga mos keladi.


"Masdar" kompaniyasi "Nur Navoiy" quyosh elektr stansiyasi va Markaziy Osiyoda shamol energetikasi sohasidagi eng yirik loyiha – "Zarafshon" shamol elektr stansiyasi kabi muhim loyihalarini rivojlantirish orqali O'zbekistonning "yashil" energetika sohasidagi islohotlariga tub burilish yasadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi davomida "AMEA Power" kompaniyasi bilan Qoraqalpog'istonda 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 300 MVt/soat quvvatga ega energiya saqlash tizimini amalga oshirish bo'yicha muhim kelishuvlar imzolangani BAAning O'zbekistonning "yashil" energetikaga o'tishida ishonchli hamkor sifatidagi maqomini yana-da mustahkamlamoqda.


Resursga bog'liq iqtisodiyotdan innovatsiya va texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotga o'tish bo'yicha BAA tajribasi O'zbekistonning iqtisodiy modernizatsiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi" sammitidagi ishtiroki O'zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga strategik sodiqligini tasdiqladi. Prezident o'z nutqida 2025-yil O'zbekistonda "Atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyot yili" deb e'lon qilinganini hamda mamlakatning qayta tiklanadigan energetika, energiya samaradorligi va uglerod chiqindilarini kamaytirish sohasidagi yutuqlarini qayd etdi.


O'zbekistonning "yashil" energetikaga o'tishi mamlakatni ichki ustuvorliklar doirasidan chetga chiqib, toza energiyaning mintaqaviy markazi sifatida ko'rsatishga qaratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoni "yashil" iqtisodiy o'sish va qayta tiklanadigan energetika markaziga aylantirish maqsadida mintaqaviy hamkorlikka chorlashi barqaror rivojlanish sohasidagi jahon tendensiyalariga mos keladi.


BAA investor va hamkor sifatida O'zbekistonning iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, energetika xavfsizligi va mintaqaviy integratsiya sohasidagi kengroq maqsadlarini amalga oshirishda yordam beradi. BAAning barqarorlik va innovatsiyalarga sodiqligi barqaror rivojlanishni o'z milliy siyosatiga integratsiya qilish va barqaror bilimlar iqtisodiyotini qurishga intilayotgan O'zbekiston uchun ideal hamkorga aylantiradi.


Prezident Shavkat Mirziyoyevning BAA yetakchilari, jumladan, Prezident Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va Bosh vazir Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuvlari umumiy maqsadlarga erishishda ikki tomonlama munosabatlarning muhimligini tasdiqlaydi.


Tashrif davomida imzolangan kelishuvlar O'zbekistonning "yashil" iqtisodiyotga o'tishini tezlashtirishi va uning Markaziy Osiyo taraqqiyotida asosiy mamlakat sifatidagi mavqeini mustahkamlashi kutilmoqda.


O'zbekistonning BAA bilan aloqalari chuqurlashgani sari ushbu sheriklik mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanish strategiyasi va iqtisodiy barqarorligini ta'minlashda muhim rol o'ynaydi. Qayta tiklanadigan energetika loyihalaridan tortib madaniy va ta'lim almashinuvlarigacha O'zbekiston va BAA hamkorligi XXI asr muammolarini hal qilishda strategik alyanslar salohiyatini namoyish etmoqda.


Prezident Shavkat Mirziyoyevning BAAga tashrifi nafaqat ikki tomonlama munosabatlarda muhim bosqich, balki O'zbekistonning barqaror kelajak uchun mintaqaviy va global hamkorlikni rivojlantirish borasidagi intilishi tasdig'idir.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment