O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev kecha Pokiston Senati raisi o'rinbosari Saydal Xan bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, oliy daraja erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament monitoringini olib borish, ikki mamlakat qonunchilik organlari o'rtasidagi munosabatlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlari o'rtasida o'tkazilgan samarali muzokaralar natijasida o'zaro hamkorlik barcha jabhalarda izchil rivojlanish bosqichiga kirgani, mintaqaviy bog'liqlik infratuzilma tashabbuslari, jumladan, Transafg'on temir yo'lini qurish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishilgani e'tirof etildi.
Davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni monitoring qilish hamda amalga oshirish uchun parlament platformasining ahamiyati alohida ta'kidlandi.
Saydal Xan Pokiston va O'zbekiston parlamentlarining yuqori palatalari o'rtasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurligini bildirib, yaqin kelajakda o'zbekistonlik hamkasblari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash istiqbollariga borasidagi takliflari bilan o'rtoqlashdi. Jumladan, senatlar tizimida mavjud do'stlik guruhlari imkoniyatlaridan keng foydalanish, o'zaro tashriflar, ustuvor yo'nalishlarni muhokama qilish bo'yicha onlayn uchrashuvlar tashkil etishning muhimligini alohida qayd etdi.
Ikki davlat hududlari o'rtasidagi muntazam aloqalarning yo'lga qo'yilishi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratishi, tovar aylanmasi hajmini keskin oshirishi, eksport-import nomenklaturasini kengaytirishiga ishonch bildirildi. Hududlararo forum esa ushbu maqsadlarga erishishning amaliy mexanizmi sifatida e'tirof etildi.
0 Comment