Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Islomobodda yangi ochilgan "Ipak yo'li madaniyat markazi" majmuasida O'zbekiston milliy pavilyoni tashkil etildi

By Farangiz_Amirkulova - Dec. 13, 2024, noon 890 Views 0 Comment

O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasi diplomatlari Islomoboddagi "Ipak yo'li madaniyat markazi" ("Silk Road Culture Center") yangi majmuasining rasmiy ochilishiga bag'ishlangan tantanali marosimda ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Markaz hunarmandlar, rassomlar, san'atkorlar, amaliy va badiiy san'at ustalarini jalb qilgan holda qo'shma tadqiqot loyihalarni amalga oshirish, turli tadbirlar tashkil etish, ularni televideniye, elektron va bosma OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda targ'ib qilish orqali qadimiy Buyuk ipak yo'li bo'ylab joylashgan mamlakatlarning turizm salohiyatini ilgari surishni maqsad qilgan.


Tantanali marosimda O'zbekiston bilan bir qatorda Qozog'iston, Turkmaniston, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon va Eron elchixonalari o'z milliy pavilyonlari bilan qatnashdi.


O'zbekiston elchixonasi tomonidan Turizm qo'mitasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz pavilyonida milliy hunarmandchilik buyumlari, liboslar, cholg'u asboblari hamda boshqa badiiy va amaliy san'at namunalari namoyish qilindi.


Tadbir doirasida o'zbek xalqining boy davlatchilik tarixi, madaniyati, an'analari, ulkan turistik salohiyatini o'zida aks ettiruvchi tasviriy san'at namunalari, kulolchilik buyumlari, milliy liboslar va noyob adabiyotlar ko'rgazmasi tashkil etildi.

Yurtimiz pavilyonida katta o'lchamli ekran o'rnatilib, u orqali mamlakatimizning turistik jozibadorligi, ziyorat, gastronomik, tibbiy, ekstremal va sayyohlikning boshqa ko'plab yo'nalishlaridagi salohiyati, sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, hududlardagi muqaddas qadamjolar haqidagi videoroliklar namoyish etildi.


Ta'kidlash kerakki, O'zbekiston milliy pavilyoni tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg'otdi.


Mehmonlar O'zbekiston pavilyoni o'zining go'zalligi, turfa taomlar, milliyligimizni namoyon etuvchi buyumlar va bezaklarga boyligi bilan boshqa mamlakatlardan yaqqol ajralib turganini, bunda, ayniqsa o'zbek taomlari barchada o'zgacha taassurot qoldirganini e'tirof etishdi. Mezbon mamlakat hukumati vakillari, xorijlik mehmonlar va keng jamoatchilik pavilyonga tashrif buyurib, o'zlarini O'zbekistonning bir bo'lagiga tushib qolgandek his qilganliklarini ta'kidladilar.


Tadbirning rasmiy ochilish marosimida so'zga chiqqan majmua rahbari Said Jamal Shah ushbu tashabbusni qo'llab quvvatlagani va unda munosib darajada ishtirok etish uchun mamlakatimiz vakolatxonasiga barcha sharoitlarni yaratib bergani uchun O'zbekiston Hukumatiga chuqur minnatdorlik bildirdi.


O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev o'z chiqishida, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan bugungi kunda barcha yo'nalishlarda olib borilayotgan ochiq, pragmatik, o'zaro ishonch va hurmatga asoslangan izchil tashqi siyosat haqida to'xtaldi. Diplomat O'zbekiston xalqlar o'rtasida do'stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy almashinuvlarni kengaytirish, mintaqada o'zaro sayyohlar oqimini oshirish tarafdori ekanini va bu kabi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga tayyorligini ma'lum qildi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment