O'zbekiston elchixonasi diplomatlari Xitoyning Gonkong maxsus ma'muriy hududi hukumatining Pekindagi vakolatxonasi vakillari bilan muzokara o'tkazdilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vakolatxonaning Immigratsiya ishlari bo'yicha rahbari Vong Vey-ki Ksariyer bilan konsullik – huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid masalalar, Gonkong maxsus ma'muriy hududida mavjud migratsiya qoidalari, xususan ikki tomonlama sayyohlik almashinuvini rivojlantirish bo'yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Muzokaralar chog'ida, shuningdek, Gonkong maxsus ma'muriy hududining viza siyosati, tomonlar fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda O'zbekiston va Gonkong o'rtasidagi sohaga oid me'yoriy-huquqiy bazani kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.
Gonkong tomoniga so'nggi yillarda dunyoning boshqa mamlakatlari bilan vizalarni liberallashtirish borasida erishilgan ijobiy natijalar haqida so'zlab berildi.
2021-yil 1-martdan boshlab O'zbekistonda xitoyliklar, shu jumladan, Xitoyning maxsus ma'muriy hududlari – Gonkong va Makao fuqarolari uchun 10 kungacha vizasiz rejim amal qilib kelayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, joriy yil 1 dekabr kuni Chendu shahrida "Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati bilan O'zbekiston Respublikasi Hukumati o'rtasida o'zaro vizadan ozod qilish to'g'risida"gi Bitim imzolanganligi ma'lum qilindi. Hozirda mazkur hujjat kuchga kirishi uchun zarur bo'lgan davlat ichki huquqiy protseduralaridan o'tkazilayotganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, O'zbekiston tomoni o'z fuqarolari uchun Gonkong maxsus ma'muriy hududi bilan viza talablaridan o'zaro ozod etish to'g'risida kelishuvga erishishni maqsad qilgani bildirildi.
Vong Vey-ki Ksariyer O'zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy o'zgarishlar, xususan, turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, ayniqsa, so'ngi yillarda dunyo mamlakatlari bilan vizalarni liberallashtirish borasida olib borilgan samarali natijalarni yuqori baholadi.
"Gonkong tomoni ham O'zbekiston bilan barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, amaliy natijadorlikni oshirish, xususan, o'zaro fuqarolar almashinuvini kengaytirish va turizm sohasini izchil rivojlantirishdan birdek manfaatdor", dedi u.
Sohaga oid oldinda turgan masalalarni birgalikda hal etish bo'yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
0 Comment