O'zbekiston Davlat bayrog'i qabul qilingan kun munosabati bilan Xitoyda tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlar yurtdoshlarimizga bayram tilaklarini yo'lladilar, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Saidali Yo'ldoshev, Pekin xalqaro maktabining ingliz tili o'qituvchisi:
– Bayroq har bir mamlakatning mustaqilligi, davlat bo'lib shakllanganligi, o'z o'rni va mavqeiga ega ekanligini bildiruvchi asosiy ramzlardan biridir. O'zbekiston bayrog'i mardona hilpirab turar ekan, demak mamlakatimiz tinchlik va rivojlanish sari dadil odimlamoqda.
Men kabi xorijda yashayotgan vatandoshlar qayerda-ki bir necha davlat bayrog'i ilinganini ko'rsa, birinchi navbatda O'zbekiston bayrog'ini izlaydi.
Barcha yurtdoshlarimizga bayrog'imiz ranglarida aks etgan tinchlik va farovonlik tilayman.
Gulnora Samiyeva, Xitoy xalqaro maktabi o'qituvchisi:
– O'zbekiston bayrog'i men kabi Vatandan olisda yashayotganlarga yurtimiz, muqaddas tuprog'imizga sadoqat tuyg'ularini kuchaytiradi. Har gal muhim xalqaro uchrashuvlar, san'at yoki sport musobaqalarida Vatanimiz bayrog'ini ko'rsam, ko'zlarim quvonchga to'ladi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz g'alabaga erishganida bayrog'imizning baland ko'tarilishi yanada muhtasham ko'rinadi.
Bayrog'imiz qabul qilingan kun barcha yurtdoshlarimizga muborak bo'lsin.
Mirabbos Numonov, Tyanszin universiteti talabasi:
– Barcha vatandoshlarimizni O'zbekiston bayrog'i qabul qilinganligining 33 yilligi bilan samimiy tabriklayman.
Vatandan olisda, xorijiy yurtlarda bayrog'imizni ko'rganda jonajon O'zbekistonimiz sog'inchini yana-da ko'proq his qilamiz. Men uchun davlatimiz bayrog'i yuksak faxrdir.
Biz, O'zbekiston farzandlari qayerda bo'lishimizdan qat'iy nazar, Vatanimiz bayrog'ini yanada yuksaklarga ko'tarishga intilamiz.
0 Comment